AQSh prezidenti Donald Tramp 19 noyabr kuni Vladimir Putin va Si Szinpin bilan bo‘ladigan uchrashuvda yadro qurollarini qisqartirish va Eron atrofidagi vaziyatni muhokama qilmoqchi. Bu haqda CNN Oq uy vakillariga tayanib xabar berdi.
Oq uy matbuot kotibi yordamchisi Oliviya Ueylsning ta’kidlashicha, Tramp yadro qurollarining dunyo bo‘ylab tarqalishini o‘ta xavfli deb hisoblaydi va ularning sonini kamaytirish masalasini ko‘tarish niyatida.
Biroq Vashington mazkur uchrashuvda aniq kelishuvga erishilishini kutmayapti. AQSh ma’muriyatining yuqori martabali vakili muzokaralarni uch mamlakat yetakchilari darajasidagi muloqotning boshlanishi deb baholadi.
Muzokaralar AQSh va Rossiya o‘rtasidagi strategik hujumkor qurollarni qisqartirish to‘g‘risidagi oxirgi shartnoma — New STARTning amal qilish muddati 2026 yil fevralida tugagani fonida o‘tkazilmoqda.
Xitoy esa hozircha uch tomonlama yadroviy qurolsizlanish muzokaralarida ishtirok etishga qarshi. Pekin o‘z yadro arsenali AQSh va Rossiyanikidan ancha kichik ekanini ta’kidlab kelmoqda.
Uchrashuvda Eron atrofidagi vaziyat ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Biroq AQSh ma’muriyati vakiliga ko‘ra, Ukraina mojarosi uch tomonlama muzokaralar kun tartibiga kiritilmagan. Vashington bu masalani Moskva bilan alohida muloqot doirasida ko‘rib chiqmoqda.
Trampning Si Szinpin bilan alohida uchrashuvi va ishchi tushligi ham rejalashtirilgan. AQSh va Rossiya yetakchilarining ikki tomonlama uchrashuvi esa hozircha belgilanmagan.
Avvalroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov uch davlat rahbarlari 19 noyabr kuni Xitoyning Shenchjen shahrida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida uchrashishga kelishib olganini ma’lum qilgan edi.