Donald Tramp ma’muriyati bir necha oydan beri AQSh Kongressi ustidan nazorat Demokratik partiya qo‘liga o‘tishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb xabar beradi Reuters bir nechta manbalarga tayanib.
«Menimcha, men “mister Veto”ga aylanaman», — dedi Trampning o‘zi New York Post nashrining Pod Force One podkastida (efirga 1 noyabrda chiqqan parchasida). AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u demokratlarning tashabbuslarini «bir yoki ikki oy» bloklash niyatida, so‘ng «qaysidir bosqichda» ular bilan «kelishuvlar tuzishga» umid qilmoqda.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp jamoasi ma’muriyatga qarshi boshlanishi mumkin bo‘lgan tergovlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bir qatorda, ijroiya hokimiyati vakolatlaridan foydalangan holda prezident dasturining asosiy bandlari bo‘yicha siyosatni qanday davom ettirish strategiyalarini ishlab chiqmoqda. Xabarda qayd etilishicha, gap immigrasiya, bojxona tariflari, uy-joy narxi va federal xarajatlar kabi yo‘nalishlar haqida bormoqda.
Agar 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda demokratlar g‘alaba qozonsa, ular Kongress orqali Trampga qarshi surishtiruvlar tashabbusi bilan chiqish, uning qonunchilik tashabbuslarini bloklash va byudjet bo‘yicha cheklashlar kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Biroq AQSh prezidentida baribir keng ijroiya vakolatlari saqlanib qoladi.