AQSh Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqda bir necha kun ichida Eronga keng ko‘lamli zarba berishga qodir bo‘lgan harbiy flotni to‘plamoqda. «Biz ularning yadroviy dasturini yo‘q qildik. Menimcha, yana bir yoki ikkita ob’ekt bilan shug‘ullanishimiz kerak, biroq biz buni o‘n daqiqada amalga oshirishimiz mumkin», — dedi u.
Tramp ehtimoliy nishon sifatida Eronning Isfahon viloyatida, Tehrondan taxminan 200 kilometr janubda, Natanzdagi yadroviy ob’ekt yaqinida joylashgan va «Kirka tog‘i» (Pickaxe Mountain / Kolang tog‘i) nomi bilan mashhur bo‘lgan hududni tilga oldi. Boshqa manbalarga ko‘ra, uning ostida yadroviy majmua joylashgan bo‘lishi mumkin. «Ehtimol, Kirka tog‘iga e’tibor qaratishga arziydi va bu masalani hal qilish kerak», — dedi AQSh prezidenti. Eron hukumati u yerda hech qanday yadroviy ishlar olib borilmayotganini ta’kidlamoqda.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh shoshilinch qaror qabul qilmayapti, chunki urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar «yaxshi» ketmoqda — biroq eronliklarni «unchalik ishonchli deb bo‘lmaydi». Davlat kotibi Marko Rubio prezident yangi zarbalar bo‘yicha hali yakuniy qarorga kelmaganini va Vashington diplomatik yechim uchun ochiqligini bildirdi.
Shu bilan birga, AQSh o‘z kuchlarini to‘liq jangovar shaylik holatiga keltirmoqda. Tramp Arabiston dengizida ulkan flotni — uchta aviatashuvchi kema, 17 ta harbiy kema va 20 mingdan ortiq harbiy xizmatchini jamladi. Qo‘shinlar prezident buyrug‘i berilganidan so‘ng 96 soat ichida zarba berishga tayyor tutib turirilibdi. 3 noyabrdagi oraliq saylovlardan so‘ng Tramp istalgan daqiqada hujumga buyruq berishi mumkinligi aytilmoqda.
Tehron ushbu tahdidlarga qat’iy va keskin javob qaytardi. 31 oktyabr kuni Eron Oliy rahbari Mujtabo Xamenei oliy harbiy qo‘mondonlik oldida chiqish qilib, shunday dedi: «Har qanday tahdidga zudlik bilan, samarali va geografik chegaralar bilan cheklanmagan javob berilishi shart».
Armiya vakili Mohammad Akraminya ham davlat televideniyesi orqali bayonot berib: «Kelajakdagi ehtimoliy urush avvalgi mojarodan ko‘ra uzoqroq davom etishi mumkin», — deb ta’kidladi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp urushning yakunlanish muddatlari yoki shartlarini diktat qilish mavqeida emas.