Bugun 9 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Toshkentning elektr ta’minoti va ekologik barqarorligi uchun muhim qadam: 500 kVli «Halqa» podstansiyasiga kuchlanish berildi

Toshkentning elektr ta’minoti va ekologik barqarorligi uchun muhim qadam: 500 kVli «Halqa» podstansiyasiga kuchlanish berildi

7 noyabr kuni yurtimiz energetika tizimidagi yirik infratuzilmaviy loyihalardan biri — yangi 500 kVli «Halqa» podstansiyasiga kuchlanish berildi.

O‘zbekistondagi eng yirik va zamonaviy yuqori kuchlanishli ob’ektlardan biri bo‘lgan mazkur podstansiya 1602 MVA quvvatga ega. Uning ishga tushirilishi Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismida elektr energiyasi ta’minotini yanada mustahkamlash, shuningdek, mavjud elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani maqbul taqsimlash imkonini beradi.

Eng muhimi, yangi podstansiyaning ishga tushirilishi natijasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismidagi elektr yuklamalari qayta taqsimlanadi. Natijada Toshkent issiqlik elektr stansiyasiga tushadigan yuklama kamayib, stansiyada mazut yoqilg‘isidan foydalanishga ehtiyoj qolmaydi.

Demak, «Halqa» podstansiyasining ahamiyati faqat elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish bilan cheklanmaydi. U poytaxt va unga tutash hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash, atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarniamalga oshirishda ham muhim o‘rin tutadi.

Umumiy qiymati 171,4 mln AQSh dollarini tashkil etgan mazkur investisiya loyihasi Jahon banki ishtirokida amalga oshirildi. Loyiha doirasida 1602 MVA quvvatli «Halqa» podstansiyasi bilan birga 220 kVli 213 kilometr va 500 kVli 72 kilometr, jami 285 kilometr yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari barpo etildi.

Ushbu infratuzilma mamlakat yagona energetika tizimining uzatish imkoniyatlarini kengaytirish, elektr energiyasi oqimlarini samarali taqsimlash va ortib borayotgan iste’mol talabini ishonchli qondirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ayni paytda yangi ob’ektlarni yagona energetika tizimiga to‘liq integrasiya qilish bo‘yicha yakuniy ishlar davom etmoqda.

Kiritildi: 14:44 08.11.2026. O'qildi: 459 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik