Moskva markazida o‘tkazilgan keng ko‘lamli polisiya reydi davomida 200 nafarga yaqin odam qo‘lga olingani xabar qilindi. Ushlanganlarning katta qismini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.
"Ostorojno, novosti" Telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, 7 noyabr kuni "Kitay-gorod" metro bekati atrofida ushlangan fuqarolar polisiya bo‘limlariga olib ketilgan.
Ularning ayrimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tahdid va jismoniy zo‘ravonlikka duch kelganini bildirgan.
Shuningdek, 18 yoshdan oshgan fuqarolarga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat to‘g‘risida shartnoma imzolash taklif qilingani aytilmoqda. Ayrim ushlanganlarga harbiy komissariatga chaqiruv qog‘ozlari ham topshirilgan.
Baza Telegram-kanali xabar berishicha, reyd ishtirokchilariga nisbatan jamoat joyida spirtli ichimlik iste’mol qilish, mast holatda yurish va polisiya talablariga bo‘ysunmaslik kabi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Moskva polisiyasi esa reyd jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida o‘tkazilganini ma’lum qildi.
7 noyabr kuni kechqurun ushlanganlarning bir qismi qo‘yib yuborilgan. Biroq barcha fuqarolar ozod etilgani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.