AQShning Kaliforniya shtatidagi Leyk-Elsinor shahrida ikki nafar parashyutchi ayol havoda to‘qnashib ketishi oqibatida halok bo‘ldi.
NBC telekanali xabar berishicha, hodisa 6 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:45 atrofida Skydive Elsinore markazi ustida sodir bo‘lgan.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, tegishli lisenziyalarga ega tajribali parashyutchi ayollar taxminan 45 metr balandlikda to‘qnashib ketgan. Ularning parashyutlari bir-biriga o‘ralib qolgan va yerga qulash vaqtida har ikkisi ham og‘ir jarohat olgan.
Jabrlanganlar Uildomar shahridagi tibbiyot markaziga yetkazilgan, biroq u yerda vafot etgan. Hozircha ularning ism-shariflari oshkor etilmagan.
Har ikki ayol parashyut sporti bo‘yicha tashkil etilgan tadbirda ishtirok etish uchun kelgan bo‘lgan.
Skydive Elsinore markazi ma’lum qilishicha, uskunalarda nosozlik alomatlari aniqlanmagan. Markaz mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlik qilmoqda.