Braziliyada 36 yoshli futbolchi Bismark Vinisius Freyre du Nasimentu otishma oqibatida halok bo‘ldi.
Bismark yoki «B10» taxallusi bilan tanilgan futbolchi Natal shahridagi barlardan birida o‘qotar quroldan jarohat olgan. U shifoxonaga yetkazilgan, biroq hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Hodisada yana bir kishi jarohatlangan va tirik qolgan.
Mahalliy OAV va Riu-Grandi-du-Norti shtati polisiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, voqea payshanbadan jumaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Bismark do‘stlari bilan barga borgan va u yerda boshqa bir erkak bilan tortishib qolgani aytilmoqda. Janjal keyinchalik otishmaga aylangan.
Huquq-tartibot idoralari hodisa sabablarini aniqlash uchun tergov olib bormoqda.
Marhum futbolchining uch nafar farzandi qoldi. U 2027 yilda «Olimpiya» klubiga o‘tishni rejalashtirgan edi.