Kredit mablag‘lari qalbaki hujjatlar yordamida naqd pulga aylantirilib, keyinchalik onlayn qimor o‘yinlariga sarflangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tumani bo‘limi tomonidan tijorat bankining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Yashnobod tumani bank filialida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlovchi E.N. "A." MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar bilan o‘zaro til biriktirib, "B.B." MCHJga 120 000 AQSh dollari kredit ajratilishiga erishib, keyinchalik soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali kredit mablag‘ini naqdlashtirib olib, 120 000 AQSh dollarini internetdagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ishlatib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.