O‘zbekiston fuqarosi marhuma Durdona Hakimovaning jasadi va uning ikki nafar farzandi O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Vatanga qaytarildi. Bu haqda Istanbuldagi konsulxona xabar berdi.
Marhuma va uning farzandlarining Vatanga qaytish bilan bog‘liq xarajatlari Bosh konsulxona hamda Migrasiya agentligi hisobidan qoplab berildi.
Bosh konsullikka ko‘ra, mazkur hodisa yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda marhumaning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, salbiy hamda biryoqlama fikrlar tarqalmoqda.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, Durdona Hakimova Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan Eskere Melzeme nomli harbiy kiyim-kechak savdo do‘konining muassisi bo‘lgan. U faol tadbirkor sifatida ko‘plab yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatib kelgan. Uning farzandlari esa dizaynerlikka ixtisoslashgan liseyda tahsil olishgan.
Vaziyatni to‘liq o‘rganmasdan turib, hamyurtimiz haqida biryoqlama, noxolis va shaxsni kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatish, tahqirlovchi izoh yozish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka olib kelishini, bundan tashqari, millatimizga nisbatan xalqaro maydonda salbiy fikrlar shakllanishiga sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz, deyiladi diplomatik muassasa xabarida.