Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston aholisini qanday ob-havo kutmoqda?
«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, fevral oyining birinchi besh kunligi nam ob-havo bilan boshlanadi, respublika bo‘yicha asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi.
Havo harorati asta-sekin kechalari 5-10 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 13-18 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha, harorat kechalari 2-7 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 5-10 daraja iliqdan 13-18 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Har o‘n kunlikda ayrim kunlarda 2-3 kundan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda.
Ammo qish oylarining ob-havosi bir xillikka moyil emas va turli yillarda O‘zbekistonda fevral oylari har xil bo‘ladi. Fevral oyida bahoriy iliq ob-havo tez-tez kuzatilgan davrlarda tabiat uyg‘onib bodom, o‘rik, olxo‘ri va olchaning erta pishar navlari gullashi boshlanishi mumkin.
O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun fevral oyidagi maksimal haroratning mutloq rekordlari 24-29 daraja iliqni, janubiy hududlarning ba’zi joylarida 30-32 daraja iliqni tashkil etadi. Respublikaning katta qismida bu rekordlar 2016 va 2021 yillarda o‘rnatilgan edi.