Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy prezidentlik saylovlarida yana nomzodini qo‘yishi mumkin.
Siyosatchi bu haqda Chexiya radiosiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
«Bilmayman. Bu urush (Rossiya-Ukraina urushi - tahr.) qanday tugashiga bog‘liq», deb javob berdi Ukraina rahbari janglar tugaganidan keyin nima qilishini so‘raganida.
Zelenskiy ba’zan yana nomzodini qo‘yish masalasini o‘ylab ko‘rishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil mart oyida bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan Ukraina prezidentlik saylovlari amaldagi harbiy holat tufayli noma’lum muddatga qoldirilgandi. Zelenskiy mamlakat texnik jihatdan saylovlarni o‘tkazishga tayyor ekanligini, ammo bu faqat harbiy harakatlar tugaganidan keyin yoki ishonchli xavfsizlik kafolatlari bilan amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday qo‘llab-quvvatlash bilan saylovlarni 60-90 kun ichida tashkil qilish mumkin.
Ehtimoliy saylovlarda sobiq qo‘mondon Valeriy Zalujniy va ofis rahbari Kirill Budanov Zelenskiyni ortda qoldirishi mumkin.