Toshkent shahrida ayrim avtobus yo‘nalishlarida qatnov jadvali buzilishi va transport vositalarining bekatlarga kech yetib kelishi kuzatilmoqda.
Poytaxt transport bosh boshqarmasi ushbu holatga izoh berib, asosiy sabab sifatida shaharning qator ko‘chalarida harakatga vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilganini ko‘rsatdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklovlar transport oqimining boshqa yo‘llarga yo‘nalishiga va tirbandliklar kuchayishiga olib kelmoqda.
Vaziyat ayniqsa ertalab va kechqurun, aholi ishga borish va qaytish uchun faol harakatlanadigan soatlarda murakkablashmoqda. Natijada avtobuslar belgilangan vaqtda bekatlarga yetib kela olmayapti va qatnovlar orasidagi intervallar uzaymoqda.
Transport bosh boshqarmasi kechikishlar yo‘llardagi vaqtinchalik cheklovlar va tirbandliklar bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.