Isroilning Maariv gazetasi Eronga qarshi urushda AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu strategik jihatdan mag‘lubiyatga uchraganini yozdi. Nashrga ko‘ra, Tehronning Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati unga jahon savdosi va energiya ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatish imkonini bergan.
Tasnim agentligining Maariv maqolasiga tayanib xabar berishicha, Eron strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozidagi mavqeidan samarali foydalangan. Bu orqali mamlakat global savdo va energetika oqimlariga ta’sir o‘tkazish imkoniyatini saqlab qolgan.
Isroil nashri Tramp va Netanyaxu Eronga qarshi harbiy harakatlarni rejalashtirishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini ham ta’kidlagan. Maqolada ular kelgusi rejalarda ham avvalgi xatolarni takrorlayotgani haqida fikr bildirilgan.
Hurmuz bo‘g‘ozi jahondagi eng muhim energetika yo‘laklaridan biri hisoblanadi. Dunyoda iste’mol qilinadigan neft va suyultirilgan tabiiy gazning taxminan beshdan bir qismi ushbu bo‘g‘oz orqali tashiladi.
Manbada qayd etilishicha, 2026 yil 28 fevralda boshlangan AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari mintaqadagi xavfsizlik va iqtisodiy vaziyatga ta’sir ko‘rsatib, Hurmuz bo‘g‘ozini qarama-qarshilikning asosiy nuqtalaridan biriga aylantirgan. Eron esa ushbu suv yo‘lidagi geosiyosiy mavqeidan Vashington va Tel-Avivga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalangan.