2026 yil 10 noyabr kuni Bektemir tumanidagi Food City bozoriga qatnovchi 130-sonli avtobusda yo‘lovchi ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan yigit uning e’tirozidan so‘ng baqirib, haqorat qilgan. Sud unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudining 2026 yil 11 noyabrdagi qaroriga ko‘ra, 2002 yilda tug‘ilgan J.X. 10 noyabr kuni 130-sonli avtobusda yo‘lovchi M.K.ga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan.
Qarorda qayd etilishicha, ayol ushbu harakatdan noroziligini bildirganida, yigit jamoat joyida uni haqorat qilib, baqir-chaqir ko‘targan va jamoat tartibini buzgan.
Sud majlisida Javohir Xusanov o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan hamda suddan yengillik berishni so‘ragan. Jabrlanuvchi esa unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilgan.
Sud Xusanovning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 411-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik) va 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan baholadi.
Unga har ikki huquqbuzarlik uchun 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Biroq Kodeksning 34-moddasiga muvofiq, yakuniy jazo 5 sutka ma’muriy qamoq etib belgilandi.