Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida firibgarlik jinoyatini sodir etgan Bahodir Luqmonov (ism sharifi o‘zgartirilgan)ga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda "Aniq.uz"ga jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi Bahriddin Ikramov ma’lum qildi.
Voqea quyidagicha sodir bo‘lgan. Bahodir Luqmonov xavfli residivist bo‘la turib, firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini egallash maqsadida, 2020 yil 8 fevral kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumanida joylashgan “Asil” oilaviy korxonasi rahbari J.Dalimov bilan umumiy narxi 45.000.000 so‘m bo‘lgan 100 dona “havoza”(lesa)larni har oyiga 4.500.000 so‘mdan ijara haqi to‘lash sharti bilan ijaraga olish to‘g‘risida shartnoma rasmiylashtirishga erishib, ushbu shartnoma asosida J.Dalimovdan shartnomada ko‘rsatilgan havozalarni olib, ushbu havozalarni shu kunning o‘zida sotib yuborib, pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Sud, davlat ayblovchisining xulosasini, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlar va qo‘shimchaning ko‘rsatuvlarini tinglab, Bahodir Luqmonovning aybi o‘zining to‘liq iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvi, J.Dalimovning arizasi, tushuntirish xatlari, ijaraga berish shartnomasi va unga ilova qilingan uskunalarni qabul qilish va topshirish dalolatnomasi, yuzlashtirish bayonnomalari va jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar bilan isbotlangan deb hisoblab, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topdi. Sudlanuvchi Bahodir Luqmonovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 57, 59-moddasi 8-qismi tartibida, uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.