Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 22 sentyabrdagi 508-son qarori bilan Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun ushlangan transport vositalarini evakuasiya qilish, joylashtirish va saqlash tartibi takomillashtirildi.
Qaror 2026 yil 24 dekabrdan kuchga kiradi.
Yangi tartibga ko‘ra, avtomobil evakuatorga yuklanishidan oldin haydovchi yetib kelib, qoidabuzarlikni bartaraf etsa, transport vositasi jarima maydonchasiga olib ketilmaydi.
Biroq avtomobilni evakuatorga qisman yoki to‘liq yuklash boshlangan bo‘lsa, haydovchi yetib kelgan taqdirda ham evakuasiya to‘xtatilmaydi.
Transport vositasini saqlab turish muddati avtomobil evakuatorga joylashtirilgan paytdan boshlab hisoblanadi. Saqlash xarajatlari esa amalda saqlangan to‘liq sutkalar uchun undiriladi.
Evakuasiya qancha turadi?
Toshkent shahrida avvalroq belgilangan eng yuqori tariflarga ko‘ra:
Evakuasiya — har bir kilometr uchun 88 ming so‘mgacha;
Evakuasiyaning umumiy qiymati — 1 mln 760 ming so‘mdan oshmaydi;
Jarima maydonchasida saqlash — har bir sutka uchun 88 ming so‘mgacha.
Masalan, avtomobil 3 kilometr masofaga evakuasiya qilinib, jarima maydonchasida 3 sutka saqlansa, maksimal tariflar bo‘yicha jami 528 ming so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Bunga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan ma’muriy jarima ham qo‘shilishi mumkin.
Avtomobillar QR-kod orqali qaytariladi
Yangi tartibga muvofiq, transport vositalarini jarima maydonchasiga olib kelish, saqlash va qaytarish jarayonlari «Jarima maydonchasi» elektron moduli orqali yuritiladi.
Avtomobilni qaytarib olish uchun uni ushlab turish sabablari bartaraf etilishi va vakolatli organ tomonidan elektron ruxsatnoma rasmiylashtirilishi kerak.
Ruxsatnoma QR-kod bilan tasdiqlanib, bir ish kuni ichida haydovchiga va jarima maydonchasi operatoriga elektron tarzda yuboriladi. Haydovchining telefoniga SMS-xabar ham keladi.
Evakuasiya va saqlash xizmatlari uchun belgilangan to‘lovlar to‘langach, avtomobil ruxsatnoma asosida qaytariladi.
Elektron tizim orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnoma bilan avtomobilni jarima maydonchasidan chiqarish taqiqlanadi.
Avtomobil 12 oy olib ketilmasa nima bo‘ladi?
Qarorda jarima maydonchalarida uzoq muddat saqlanayotgan transport vositalari bo‘yicha ham yangi mexanizmlar belgilangan.
Xususan, avtomobil 6 oydan ortiq saqlansa, talab qilinmagan transport vositalari reestriga kiritiladi.
Bunday holatda avtomobil egasi uni olib ketish va qarzdorlikni to‘lash zarurligi haqida xabardor qilinadi. Qarzdorlikni qonunchilikda belgilangan tartibda, jumladan, Majburiy ijro byurosi orqali undirish choralari ko‘rilishi mumkin.
Agar avtomobil 12 oydan ortiq vaqt davomida jarima maydonchasida qolsa va egasi uni olish uchun murojaat qilmasa, vakolatli tashkilotlar transport vositasini egasiz deb topish masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga murojaat qilishi mumkin.
Shuningdek, yangi tartibda jarima maydonchalariga avtomobillarni qabul qilish va ularni qaytarish dam olish hamda bayram kunlarida ham uzluksiz amalga oshirilishi belgilangan.