Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolisiya xodimlari tomonidan Bekobod shahridagi «M.K.» korxonasi faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish davomida korxonaning elektrda po‘lat eritish va ferroqotishmalar ishlab chiqarish bo‘linmalarida atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me’yorlardan sezilarli darajada yuqori ekani aniqlandi. Xususan, elektrda po‘lat eritish bo‘linmasida noorganik chang me’yordan 2,4 baravar, oltingugurt dioksidi 1 533 baravar, uglerod oksidi esa 20 baravar ko‘p tashlanayotgani laboratoriya tahlillari bilan tasdiqlandi.
Ferroqotishmalar ishlab chiqarish bo‘linmasida ham qonunbuzilish holatlari qayd etildi. Bu yerda noorganik chang miqdori belgilangan me’yordan 24,9 baravar, azot dioksidi 2,12 baravar, uglerod oksidi esa 23,3 baravar yuqori ekani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, elektrda po‘lat eritish sexida chang-gaz tozalash uskunalarining samarali ishlamayotgani, natijada ifloslantiruvchi moddalarning bir qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri atmosferaga chiqib ketayotgani aniqlandi.
Qolaversa, o‘rganish davomida korxonada ekologik ekspertiza xulosalari talablari ham to‘liq bajarilmagani, ayrim ifloslantiruvchi manbalarda avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari o‘rnatilmagani va laboratoriya nazorati yetarli darajada tashkil etilmagani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida qo‘shimcha hisob-kitob qilinib, korxonaga atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 1 milliard 630 million 920 ming 419 so‘m kompensasiya to‘lovi belgilandi.
Shu bilan birga, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha korxonaga majburiy ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, chang-gaz tozalash uskunalari filtrlarini to‘liq almashtirish, ularning samaradorligini kamida 95 foizga yetkazish, laboratoriya nazoratini kuchaytirish hamda asosiy ifloslantiruvchi manbalarga avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish belgilandi.
Havo sifatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.