Bugun 21 dekabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Toshkent viloyatida o‘zini IIO xodimi deb fuqarodan pul undirgan shaxslar qo‘lga olindi

Toshkent viloyatida o‘zini IIO xodimi deb fuqarodan pul undirgan shaxslar qo‘lga olindi


Joriy yil noyabr oyida Chirchiq shahrida ikki nafar shaxs fuqaro (R.H.)ga o‘zlarini IIO xodimi sifatida tanishtirib, uni jinoyatda ayblash hamda ish joyiga xabar berish bilan qo‘rqitib, yashash xonadoniga bostirib kirgan.

Bu haqda TOshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, soxta xodimlar jabrlanuvchidan bank kartasi orqali dastlab 2,5 mln so‘m va mobil telefonini olib, keyinchalik uni qaytarish evaziga 200 AQSh dollari olishga erishgan. Shundan so‘ng telefonidagi shaxsiy videolarni tarqatish bilan tahdid qilib, yana 20 mln so‘m talab qilib kelgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 2003 yilda tug‘ilgan ikki shaxs (B.SH. va M.U.) jabrlanuvchidan oldindan kelishilgan 10 mln so‘mni olayotgan vaqtida IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi viloyat boshqarmasi hamda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Surishtiruv davomida ularning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga aloqasi yo‘qligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida Yuqori Chirchiq tumanida pul tikish asosida “xo‘roz urishtirish” o‘yinlarini tashkil etgan shaxslar aniqlanib, voqea joyidan 9 dona jangari xo‘roz, pul mablag‘lari va elektron taymer ashyoviy dalil sifatida olindi. O‘yinga pul tikkan 130 nafar shaxsga ma’muriy chora ko‘rilgan bo‘lsa, o‘yinlarni tashkil etgan 3 nafar shaxsga nisbatan JKning 278-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar prosessual tartibda "qamoq"qa olindi.

Eslatib o‘tamiz, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yetti yilgacha, tovlamachilik jinoyati sodir qilganlar esa 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Kiritildi: Bugun 14:53. O'qildi: 324 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!