Bugun 18 dekabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Qobiljonni kim o‘ldirdi? Rossiyada sodir etilgan mudhish qotillikning asl aybdori aytildi

Qobiljonni kim o‘ldirdi? Rossiyada sodir etilgan mudhish qotillikning asl aybdori aytildi

16 dekabr kuni Tojikiston fuqarosi, 10 yoshli Qobiljon Aliyevning Moskva viloyatidagi maktabda 9-sinf o‘quvchisi Timofey K. tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani Rossiyada millatchilik kayfiyati tobora kuchayib borayotganini tasdiqlagandek bo‘ldi.

Avval xabar berganimizdek, qotil bir necha kun davomida hujumga tayyorgarlik ko‘rgan. Bu vaqt ichida u 11 sahifadan iborat, milliy va diniy ayirmachilik ruhida «Mening g‘azabim» nomli manifest yozgan va uni sinfdoshlariga yuborgan.

Tahlilchi va jamoat faollarining fikricha, bu maktablarda uchrab turadigan «navbatdagi jinoyat» emas, balki rus jamiyatida tobora kuchayib borayotgan millatchilikning hayotga ko‘chgan aksidir.

«O‘ldirishdan avval o‘smir bolakayning millatini so‘ragan, keyin pichoq sanchgan. Qobiljonning oilasi bundan 4 yil avval Rossiyaga Tojikistonning Hisor viloyatidan ko‘chib borgan, 3 yil avval otasi olamdan o‘tgan, onasi ikki nafar egizak farzandini shu maktabda farroshlik qilib boqayotgan edi... Bu dahshatli jinoyat katta rezonans bermoqda.

So‘nggi yillarda Rossiya siyosiy doiralari, xususan, deputatlari va partiya liderlari tomonidan migrantlarga qarshi chiqishlar ko‘paydi. Ular hali qarasang migrantlarning bolalarini maktablarimizda o‘qitmaymiz, o‘z yurtingga ket deyishdi, hali qarasang, migrantlar urushga borishi kerak, bo‘lmasa Rossiyadan haydaymiz, deyishdi. Tibbiy sug‘urta polisini olishni qiyinlashtirishdi, migrant taksistlarning agregatorlardagi akkauntlari bloklandi, hatto migrant kurerlarni ham ishlagani qo‘yishmadi. Xullas, o‘z mehnati bilan pul topib, soliq to‘lab, ham Rossiya iqtisodiyotiga, ham o‘z oilasiga yordam bermoqchi bo‘lgan oddiy mehnatkashlarga osilishdan charchashmadi. Rossiya huquq-tartibot organlari esa migrantlarga qarshi reydlarda qo‘pol munosabat, kuch ishlatish, hatto insoniy sha’n va qadr-qimmatni tahqirlashdan tiyilmay qo‘yishganiga ancha bo‘ldi. Bu hol o‘zining zaharli mevalarini bera boshladi. Ukrainada «fashizmga qarshi» kurashayotgan mamlakatning o‘smirlari Moskva biqinida milliy mansublikka ko‘ra odamlarni so‘ymoqda — bu holatni ta’riflashga so‘z topolmadim», — deb yozdi bloger Shahnoza Soatova.

«Bir narsa aniq, bu hodisa maktablarda uchrab turadigan «navbatdagi jinoyat» emas. Bu — rus jamiyatida tobora kuchayib borayotgan millatchilik va ksenofobiyaning bolalar hayotiga ham ko‘chib ulgurgan aksi. Rossiya jamiyatida yillar davomida rus bo‘lmaganlarga nisbatan kuchayib borayotgan zo‘ravonlik va shu zo‘ravonlikni oqlash kayfiyati ana shunday fojialar uchun muhit yaratmoqda.

Eng ayanchlisi shundaki, bunday fojialarda begunoh bolalar o‘zlariga aloqasi bo‘lmagan insonlarning shaxsiy ambisiyalari, ular millatchilik va ksenofobiya bilan zaharlagan muhitning qurboniga aylanmoqda...

Xabarni o‘qib, ichimga og‘ir g‘ashlik, tushkunlik kirgandi. Ammo begunoh bolajonning pichoqlanishi tarmoqlarning rus segmentida ko‘plab rossiyaliklarni xursand qilayotgani, kuldirayotganini ham ko‘rdimki, endi dahshatga tushyapman. Xo‘sh, bir bolaning vafotidan xursand bo‘lish uchun jamiyat qanchalik botqoqqa botgan bo‘lishi kerak?!» — deya xavotirlarini bo‘lishdi jurnalist Ilyos Safarov.

«Qobiljonni kim o‘ldirdi?

Tizim!

So‘nggi 2 yil ichida radikallashuv darajasigacha yetib borgan segregasiya va aparteid tizimi!

Qobiljonni (Sergey) Mironovning doimiy chiqishlari o‘ldirdi!

(Aleksandr) Bastrikinning bayonotlari o‘ldirdi!

Davlat dumasining qonun loyihalari o‘ldirdi!

Rossiyaning davlat telekanallari o‘ldirdi!

Nasistik Telegram kanallari o‘ldirdi!

Migrantlarga qarshi doimiy va ko‘z-ko‘z qilinadigan reydlar o‘ldirdi!

Aeroportlardagi soatlab davom etadigan ushlab turishlar o‘ldirdi!

Qobiljon Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning yubiley yilida o‘ldirildi! Nasizm va fashizmga qarshi urushning yubileyi davrida!

Ushbu sana munosabati bilan ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan bir paytda!

Qobiljon Ukrainani «denasifikasiya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operasiya» davom etayotgan kunda o‘ldirildi!

Rossiya tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasi tomonidan nasizm va fashizmni ulug‘lashga qarshi navbatdagi rezolyusiya qabul qilinganidan keyingi kuni!

Rossiya TIV tomonidan chet eldagi vatandoshlar huquqlari buzilishi bo‘yicha hisobot e’lon qilinganidan keyingi kuni!..

Bu ro‘yxatni cheksiz davom ettirish mumkin...

Xo‘sh, hamdardlik qani? Ta’ziya-chi? (Uzr so‘rashni aytmasa ham bo‘ladi). Hech narsa yo‘q!

Rossiyaning Tojikistondagi elchixonasi ikki kundan beri telegram-kanalida yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlar haqida postlar joylayapti, ammo bu voqeani butunlay e’tiborsiz qoldirmoqda!», — deb yozdi tojikistonlik siyosatshunos Muhammad Shamsuddinov.

Xabar.uz kecha 286 ming nafarga yaqin obunachiga ega rusiyzabon kanalda pichoqlangan marhum bolakayni mazaxlab post joylangani, na qonunchilik, na insoniylikka to‘g‘ri keladigan bu postni ko‘p sonli foydalanuvchilar uyatsizlarcha olqishlagani haqida yozgan edi.

«Sahifa muallifi qandaydir javobgarlikka tortilishi kerak, deb xomtama bo‘lmanglar. Bularga hech narsa qilmaydi. Chunki, ayni damda, Putinning asosiy elektorati aynan mana shunday radikal rus neofashistlari hisoblanadi. Uning yangi mafkurasi me’mori Aleksandr Dugin bu kabi biomassani shakllantirdi va Putin bularning g‘ayratidan o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida foydalanyapti. Putin o‘z qo‘ynida tirik bombani olib yuribdi, sababi, bu kabi radikal biomusorlar «stop» signalini bilmaydi. Va doim oxirigacha borishadi. Tarix takrorlardan iborat: oqibatda yo bular Prigojin singari o‘z rahnamosiga qarshi bosh ko‘tarib, uni ag‘darib tashlashadi, yoki Putin bularni ham repressiyalar yo‘li bilan yo‘q qiladi», — deb holatga munosabat bildirdi Telegramdagi «Fayzbog‘» kanali.

Ciyosatsatshunos Kamoliddin Rabbimov tojikistonlik bolaning o‘limi munosabati bilan paradoksal holatga e’tibor qaratgan.

«Esimda bor, 2009-2013 yillar mobaynida har oyda Rossiyada taqirboshlar o‘zbeklar, tojiklarni ataylab o‘ldirishardi. Taqirboshlar bir yilda jami 200-250 gacha odam o‘ldirishardi. Buni xalqaro OAV keng yoritgan.

Rossiya o‘zini imperiya hisoblaydi, o‘zining imperiyasini qayta tiklash uchun ish olib bormoqda. Qolaversa, Rossiya bu — federasiya. Uning ichida ko‘plab xalqlar, etnik avtoxton xududlar, respublikalar, viloyatlar bor. Lekin ichki siyosatda Rossiya ko‘p millatli imperializmni emas, rus shovinizmini, nasionalizmini targ‘ib qiladi. Bu shunchaki ziddiyat emas, bu fundamental ziddiyat. Hozircha Putin vertikali kuch bilan ushlab turilibdi. Lekin, bu kuch zaiflashishi bilan mana shu ziddiyat portlaydi.

Postsovet hududida eng rossiyaparast jamiyatlar bu — avvalo Tojikiston, so‘ngra O‘zbekiston. Qo‘shni Qozog‘istonda rus tilini bilish darajasi juda yuqori, lekin qozoq xalqi rossiyaparast emas. Rossiyaga eng ishonmaydigan jamiyatlar — Boltiqbo‘yi respublikalari, Ukraina. Eng qizig‘i — rus millatchilari avvalo tojik va o‘zbekni o‘ziga nishon biladi. Lekin latishlarga, estonlarga yeki ukrainlarga teginishdan qo‘rqadi», — deya xulosa qiladi Kamoliddin Rabbimov.

«Meduza» nashri yozishicha, 2023 yildan keyin Rossiyada nafratga asoslangan jinoyatlar soni keskin ortgan. «Sova» markazi tadqiqotlari ham Rossiyada irqchilikka asoslangan zo‘ravonlik kuchayib borayotganini tasdiqlaydi.

Kiritildi: Bugun 14:49. O'qildi: 1161 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!