Avval xabar qilinganidek, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra A. Shukurovga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Birinchi instansiya sudining ushbu hukmi ustidan A. Shukurov tomonidan apellyasiya tartibida berilgan shikoyat Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqildi.
Mazkur jinoyat ishini apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqish jarayonida jabrlanuvchilar A. Shukurovga nisbatan nisbatan moddiy va ma’naviy da’volari yo‘qligini bildirib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Toshkent shahar sudi apellyasiya instansiyasining joriy yilning 9 dekabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktyabrdagi hukmi o‘zgartirilgan.
Apellyasiya instansiyasi sudi A. Shukurovga nisbatan jazo tayinlashda, uning jinoyatni mast holatda, qasddan g‘araz va past niyatlarda sodir etganligini jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb baholab, aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan pushaymonda ekanligi, jabrlanuvchilarning moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligi, muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchilar sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo so‘raganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, unga nisbatan 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. A. Shukurovning qamoqda bo‘lgan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.
Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritib, unda A. Shukurovga nisbatan apellyasiya sudi tomonidan chiqarilgan ajrimni bekor qilishni so‘ragan. Shuningdek, protestda A. Shukurovga birinchi instansiya sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazoni o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “e” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirish so‘ralgan.
Bugun mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining 3 nafar sudyadan iborat taftish hay’ati tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirildi.
E’lon qilingan ajrimga ko‘ra birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirildi hamda apellyasiya instansiya sudining ajrimi bekor qilindi.
A. Shukurovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi sababli ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shuningdek, A. Shukurovga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirilishi belgilandi.
Shu tariqa, A. Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirildi.
Toshkent shahar sudining ushbu ajrimi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.