Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 3,5 tonnaga yaqin eshak va qoramol suyaklari aniqlandi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, ko‘plab fuqarolarning e’tirozlari va murojaatlariga ko‘ra Toshkent viloyati karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi, hududiy veterinariya xodimlari va hudud profilaktika inspektorlari hamkorligida manzilga chiqib o‘rganilganida yuk mashina to‘la qoplarga solingan suyaklar borligi aniqlangan.
Suyaklar Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi chiqindixonalardan yig‘ib olib kelingani aytilmoqda. Ularni tashigan haydovchi u pul uchun suyaklarni olib kelganini bildirgan. U hech qanday veterinariya ma’lumotnomasini ko‘rsatib bera olmagandan keyin qayta ishlash sexiga topshirilib, eshak va qoramol suyaklarining barchasi tegishli tartibda yo‘q qilingan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.