Toshkent shahri va Namangan viloyatida sifati kafolatlanmagan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni muomalaga kiritilishining oldi olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro K.K. fuqaro B.K.ga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 295 AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlanib, undan umumiy bahosi 388,3 mln so‘mlik sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 1 156 quti dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Namangan tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro T.J. “Yangi yo‘l” MFY hududidagi xonadonida sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 258 turdagi 7 536 quti dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.