«Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida «Dubay–Toshkent» yo‘nalishi orqali O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaroning yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida deklarasiyada ko‘rsatilmagan zargarlik buyumlari va oltin quymalari aniqlangan. Jami 141 dona zargarlik buyumining sof og‘irligi 921,37 gramni tashkil qilgan.
Shuningdek, yuklar orasidan uchta oltin quymasi ham topilgan. Mazkur buyumlar bojxona nazoratidan yashirilgan holda olib kirilgani qayd etilgan.
Ekspertiza natijalariga ko‘ra, aniqlangan zargarlik buyumlari va oltin quymalarining umumiy qiymati 1 mlrd 293 mln so‘m etib belgilangan.
Bundan tashqari, fuqaroning yuklari orasidan aksiz markalari bo‘lmagan 120 quti tamaki mahsuloti ham aniqlangan.
Shuningdek, 90 dona nikotinli snyus mahsulotlari topilgan. Ularning barchasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.