Xitoy Rossiya energetika resurslarini xarid qilayotgan davlatlarga qarshi AQSh tomonidan joriy etilayotgan sanksiyalarga qarshi ekanini bildirdi.
Xitoy Savdo vazirligi vakili Pekin BMT Xavfsizlik kengashi tasdig‘isiz va xalqaro huquqiy asoslarsiz joriy etilgan bir tomonlama sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi.
Gap Rossiya nefti va gazini xarid qilayotgan davlatlarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llash imkonini beruvchi AQSh qonuni haqida ketmoqda. Unga ko‘ra, Vashington Rossiya energetika resurslarini sotib oluvchi davlatlar tovarlariga 100 foizgacha boj joriy qilishi mumkin.
Xitoy Rossiya neftining yirik xaridorlaridan biri hisoblanadi. Pekin Vashingtonning keyingi harakatlarini diqqat bilan kuzatayotganini va zarurat tug‘ilsa, mamlakat suvereniteti, milliy manfaatlari hamda Xitoy kompaniyalarining qonuniy huquqlarini himoya qilish uchun «barcha zarur choralarni» ko‘rishini bildirdi.
Xitoy, shuningdek, barcha davlatlar bilan tenglik va o‘zaro manfaat asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi.