Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon lola va qor gulini mamlakatning milliy gullari deb e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Qaror tojik xalqining milliy o‘zligini mustahkamlash, madaniy merosini asrab-avaylash va uni yosh avlodga yetkazish maqsadida qabul qilingan. Shuningdek, tashabbus aholida estetik didni rivojlantirishga qaratilgan.
Farmonga muvofiq, Tojikiston hukumati milliy gullarni ommalashtirish choralarini ko‘radi. Lola va qor guli mahalliy hamda xalqaro tadbirlarda namoyish etiladi.
Hujjatning tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, har ikki gul tojik xalqining bahorni kutib olish bilan bog‘liq milliy an’analarida muhim o‘rin tutadi.
Qor guli poklik va adolat ramzi hisoblansa, lola xalqning qadr-qimmati, go‘zalligi va mamlakat tabiatining boyligini ifodalaydi.