Tesla kompaniyasi taqdim etgan uchish imkoniyatiga ega yangi Roadster elektromobili xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar sababli ommaviy ishlab chiqarishga chiqmasligi mumkin.
Bu haqda Florida universiteti biznes maktabining moliya kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori Jey Ritter RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
O‘tgan hafta Tesla kompaniyasi yangi avlod Roadster elektr sportkarini namoyish etgan edi. Taqdimot davomida avtomobil to‘siq ustidan sakrab o‘tdi, havoda o‘z o‘qi atrofida aylandi va qisqa vaqt parvoz qilganidan so‘ng ag‘darilgan holatda yerga qo‘ndi.
Biroq ekspertning fikricha, bunday texnologiyani amaliyotga keng joriy etishda xavfsizlik va ishlab chiqaruvchining javobgarligi bilan bog‘liq jiddiy savollar paydo bo‘ladi.
«Menimcha, yangi avtomobildan bir nechta nusxa ishlab chiqariladi. Ammo mahsulot xavfsizligi va ishlab chiqaruvchining javobgarligi bilan bog‘liq masalalar katta muammoga aylanadi», — dedi Ritter.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, uchish xususiyatiga ega avtomobilning ehtimoliy nosozligi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu esa Roadster’ni ommaviy ishlab chiqarish imkoniyatlarini cheklaydi.
«Agar biror narsa rejadagidek ketmasa va ikki tonnali avtomobil osmondan qulab, kimningdir o‘limiga sabab bo‘lsa, unda nima bo‘ladi?» — deya savol qo‘ydi professor.
Shu bilan birga, Ritter Tesla tomonidan o‘tkazilgan namoyishning haqiqiyligiga shubha qilmasligini bildirdi.
Ekspertning bahosiga ko‘ra, Roadster’ning texnik imkoniyatlarini namoyish etish boshqa masala, uni oddiy iste’molchilar uchun xavfsiz transport vositasiga aylantirish esa mutlaqo boshqa vazifadir.