Bugun 15 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Tergov va sud ishlariga aralashganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi Qonun qabul qilindi

Tergov va sud ishlariga aralashganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi Qonun qabul qilindi

Ushbu Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2026 yil 24 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 2026 yil 19 mayda ma’qullangan. Qonunga Prezident SH. Mirziyoyev 2026 yil 11 sentyabrda imzo chekkan (№ O‘RQ-1176).
Qabul qilinish sababi. Hujjatda ta’kidlanishicha, mamlakatda sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sudga hurmatsizlik qilish hollarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlarni ishlab chiqish va sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun javobgarlik choralarini aniqlashtirish zarurati yuzaga kelgan.
1-modda — Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish (236-modda). 236-modda matni yangi tahrirda bayon etildi:
Tergov qilishga aralashish, ya’ni muayyan ishning har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchiga, tergovchiga yoki prokurorga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni muayyan ishning har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilish yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga yoki xalq maslahatchisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yuqoridagi harakatlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa — muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
2-modda — Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimcha (180-modda). 180-moddaning dispozisiyasida «sud majlisi paytida» degan so‘zlardan keyin «yoki sud binosida» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi. Ya’ni, sudga hurmatsizlik qilish uchun ma’muriy javobgarlik endi nafaqat sud majlisi paytida, balki sud binosida sodir etilgan harakatlar uchun ham qo‘llaniladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Kiritildi: 14:32 13.09.2026. O'qildi: 799 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!