Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida istiqomat qiluvchi Xolbotayeva Bibimaryamning kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaati ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. U davlatning ayrim elektron tizimlarida vafot etgan fuqaro sifatida ko‘rsatilayotgani, shu sababli Face ID orqali shaxsini tasdiqlashda muammoga duch kelayotganini aytgan edi. Bugun esa vaziyatga oydinlik kiritildi.
Bibimaryamning Face IDsi qayta ishga tushirildi. Uning aytishicha, muammoni hal qilishda Adliya vazirligi, Davlat personallashtirish agentligi hamda Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi mutaxassislari amaliy yordam ko‘rsatgan.
«Bugun Face IDim ishga tushdi. Men bundan juda ham xursandman. Hammangizning qo‘llab-quvvatlashlaringiz orqali shu narsaga erishdim», — deydi Bibimaryam.
Bibimaryamning so‘zlariga ko‘ra, muammo 2022 yilda, birinchi farzandini dunyoga keltirganidan keyin yuzaga kelgan. Uning aytishicha, tug‘ruqxonada hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida chaqaloqning o‘limi haqidagi ma’lumotga onaning o‘limi ham qo‘shib yuborilgan. Natijada u davlat bazalarida vafot etgan fuqaro sifatida qayd etilgan.
Bu holat keyingi yili yana farzandli bo‘lish uchun tug‘ruqxonaga borganida aniqlangan. O‘sha vaqtda ham tegishli idoralarga murojaat qilinib, ma’lumotlarni tuzatish bo‘yicha ishlar olib borilgan. Biroq oradan vaqt o‘tib, muammo yana takrorlangan. Shundan so‘ng Bibimaryam turli idoralarga murojaat qilgan, tegishli telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilgan va nihoyat muammoni ommaga olib chiqishga qaror qilgan.
Murojaat e’tiborsiz qolmadi
Fuqaroning murojaati keng jamoatchilikka yetkazilgach, masalaga tegishli tashkilotlar tomonidan e’tibor qaratildi.
Adliya vazirligi, Davlat personallashtirish agentligi va Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan muammoni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tegishli ishlar olib borildi. Natijada bugundan boshlab Bibimaryamning Face ID tizimi qayta ishlay boshladi.
Bu holat raqamli davlat xizmatlarida ma’lumotlarning aniqligi va turli axborot tizimlarining o‘zaro uyg‘un ishlashi qanchalik muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Chunki bugungi kunda fuqaroning davlat xizmatlaridan foydalanishi, shaxsini tasdiqlashi va ko‘plab jarayonlardan elektron tarzda o‘tishi bevosita raqamli tizimlardagi ma’lumotlarga bog‘liq.
Shu bilan birga, har qanday katta tizimda inson omili yoki texnik sabablar tufayli xatolik yuzaga kelishi ehtimoli mavjud. Muhimi, bunday holat aniqlanganda uni tezda bartaraf etish va fuqaroning huquqlarini tiklashdir. Bibimaryamning holatida ham aynan shu jarayon kuzatildi.
Raqamlashtirishning muhim tomoni — muammoni tez hal qilish imkoniyati
Bugun davlat xizmatlarini raqamlashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri — fuqarolarning vaqtini tejash, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish va xizmatlarni imkon qadar tez va qulay ko‘rsatishdir. Bibimaryamning holati esa bu tizimlarning ortida mutaxassislar va idoralararo hamkorlik turishini ham ko‘rsatdi.
Bir fuqaroning murojaati asosida Adliya vazirligi, Davlat personallashtirish agentligi va Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi birgalikda masalaga yechim topdi. Ayniqsa, raqamli davlat xizmatlarining uzluksiz ishlashi, axborot tizimlarining o‘zaro integrasiyasi va fuqarolarning elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashda Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazining texnik salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi. Bibimaryamning Face IDsi tiklangani esa muammoning amaliy yechimi bo‘ldi.
Bibimaryam bugungi natijadan mamnun. U kuni kecha qilgan murojaati ortidan muammosiga e’tibor qaratilgani va Face IDsi tiklanganini aytib, yordam bergan tashkilotlar hamda uni qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirdi.
Bu voqea bir tomondan davlat axborot tizimlarida ma’lumotlarni to‘g‘ri yuritish qanchalik muhimligini ko‘rsatgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa bugungi kunda fuqarolarning murojaatlari juda tez fursat ichida amaliy natijaga aylanayotganligini ham namoyon etdi. Raqamlashtirishning asl maqsadi ham shunda — texnologiya inson uchun ishlashi, fuqaro esa tizim oldida emas, tizim fuqaro uchun xizmat qilishi kerak!