Bugun 29 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibini joriy qilmoqchi

Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibini joriy qilmoqchi

Tailand Turizm va sport vazirligi Kolumbiya, Meksika va O‘zbekistondan keluvchi sayyohlar uchun 15 kunlik vizasiz kirish tartibini joriy etish taklifini tayyorlamoqda. Ushbu tashabbus vizalarni rasmiylashtirishdagi jiddiy kechikishlarni bartaraf etish va uzoq masofadan keluvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan. Bu haqda rasmiylar 27 oktyabr, dushanba kuni ma’lum qildi.

Mazkur tashabbus xalqaro aviakompaniyalar duch kelayotgan tashkiliy muammolar kuchayib borayotgan bir paytda ilgari surilmoqda. Yaqinda Emirates aviakompaniyasi Tailand Turizm boshqarmasiga (TAT) rasmiy shikoyat bilan murojaat qildi. Bunga Meksikadan amalga oshirilayotgan har bir reysda 20–30 nafargacha yo‘lovchi Tailand vizasini o‘z vaqtida ololmagani sababli parvozga kelmagani asos bo‘lgan.

Tailand Turizm va sport vaziri Surasak Pxancharoyenvorakul vazirlik Meksika va Lotin Amerikasining boshqa davlatlarida vizalarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq surunkali kechikishlardan xabardor ekanini tasdiqladi.

«Vazirlik uzoq muddatli yechimni tayyorladi. 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Viza siyosati qo‘mitasi yig‘ilishiga Lotin Amerikasidagi istiqbolli davlatlar va boshqa maqsadli mamlakatlar, jumladan, Kolumbiya, Meksika hamda O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 kunlik vizasiz kirish tartibini tasdiqlash taklifi kiritiladi», — dedi Surapong.

Qo‘mita ushbu tashabbusning xavfsizlik va iqtisodiy jihatlarini atroflicha baholashi kerak. Shunga qaramay, Turizm vazirligi xavfsizlik nuqtai nazaridan kam xavfli deb hisoblangan mamlakatlar uchun imtiyozlarni imkon qadar kengaytirish va ularning fuqarolariga Tailandda 15 kungacha bo‘lish imkonini berishni maqsad qilgan.

Turizm boshqarmasi xalqaro marketing bo‘yicha Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq va Afrika yo‘nalishlari uchun mas’ul o‘rinbosari Chiravadi Kxunsubning ta’kidlashicha, uzoq masofali sayohatlarning ikki yo‘nalishida mamlakatga kirish bilan bog‘liq jiddiy to‘siqlar yuzaga kelgan.

Lotin Amerikasi: vizalarni tasdiqlash va berish jarayonidagi muntazam kechikishlar Meksika va Kolumbiyadan keluvchi sayyohlarning belgilangan sanalarda sayohat qila olmasligiga olib kelmoqda.

O‘zbekistonlik sayyohlar: ilgari Tailandga elektron viza olish uchun murakkab jarayondan o‘tishga majbur bo‘lgan. Arizalar faqat Rossiyadagi Tailand Qirolligi elchixonasi orqali ko‘rib chiqilgan. Bu esa ortiqcha qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Natijada mahalliy turoperatorlar Tailandga mo‘ljallangan sayohat paketlarini bekor qilib, Vyetnam kabi raqobatchi yo‘nalishlarni taklif qila boshlagan.

Taklif etilayotgan yangi siyosat vizalar bilan bog‘liq to‘siqlarni bartaraf etish, sayyohlarning mamlakatga kirish jarayonini soddalashtirish hamda xalqaro turoperatorlar va aviakompaniyalarning Tailandga bo‘lgan ishonchini tiklashga qaratilgan.

Kiritildi: 10:15 28.10.2026. O'qildi: 470 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!