Evropa Ittifoqi Rossiya gazi importini, jumladan, «Shimoliy oqim» gaz quvuri orqali yetkazib berishni qayta tiklamaydi. Chunki amaldagi qonunchilik Rossiyaning qazilma yoqilg‘isi yetkazib berishdan to‘liq voz kechishni nazarda tutadi.
Bu haqda Yevropa komissiyasi matbuot xizmati rahbari Paula Pinyo Bryusseldagi brifingda ma’lum qildi.
Ukrainadagi urush tugaganidan keyin «Shimoliy oqim» gaz quvuri faoliyatini qayta tiklash imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan, u shunday dedi:
«Rossiyadan qazilma yoqilg‘ilar, xususan, gaz importini qayta tiklashga yo‘l qo‘ymaydigan qonunchilik amalda».
Pinyo Rossiya dastlab Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning qazilma yoqilg‘isiga qaramlik jiddiy zaiflikni yuzaga chiqargan, chunki energetika resurslaridan siyosiy bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanilgan.
«Qazilma yoqilg‘ilarni xarid qilishda Rossiyaga qaramlik qanday xarajatlarga olib kelishini juda yaxshi bilamiz. Bu yetkazib berishlar qurol sifatida ishlatildi va biz buning uchun o‘z bahomizni to‘ladik», — dedi u.
Evropa komissiyasining yana bir vakili Anna-Kaysa Itkonen Yevropa Ittifoqi Rossiya gazi va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) importini bosqichma-bosqich to‘xtatayotganini eslatdi. Uning aytishicha, so‘nggi yetkazib berishlar 2027 yil oxiriga qadar yakunlanishi kerak.
«Nima bo‘lishidan qat’i nazar, biz Yevropa bozorida Rossiya gazi va suyultirilgan tabiiy gazidan bosqichma-bosqich voz kechmoqdamiz», — dedi u.
Ushbu bayonotlar AQSh va Rossiya o‘rtasida Ukrainadagi urush tugaganidan keyin «Shimoliy oqim» gaz quvuri faoliyatini qayta tiklash hamda Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berish istiqbollari muhokama qilinayotgani haqidagi xabarlar fonida yangradi.