Bugun 19 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Taftish instansiyasi ajrimi bilan Akmal Shukurov yana qamoqqa qaytarildi

Taftish instansiyasi ajrimi bilan Akmal Shukurov yana qamoqqa qaytarildi

Bezoriligi uchun 8 yilga qamalgan va apellyasiya sudi tomonidan ozodlikka chiqarib yuborilgan Akmal Shukurovga oid jinoyat ishi taftish instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritib, A.Shukurovga nisbatan apellyasiya sudi tomonidan 2025 yil 9 dekabrda chiqarilgan ajrimni bekor qilishni so‘ragan.

Protestda JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazoni o‘zgartirish hamda 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “e” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirish so‘ralgan.

Jinoyat ishi Toshkent shahar sudining 3 nafar sudyadan iborat taftish hay’ati tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirilgan. E’lon qilingan ajrimga ko‘ra birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilgan hamda apellyasiya instansiya sudining ajrimi bekor qilingan.

Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi sababli ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirilishi belgilangan.

Shu tariqa, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan Akmal Shukurovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.

Kiritildi: 21:35 18.12.2025. O'qildi: 749 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!