O‘zbekistonda tadbirkorlarga nisbatan qo‘llaniladigan moliyaviy jarimalarni to‘lash tartibi yengillashtirilishi kutilmoqda. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, belgilangan muddatda jarimaning yarmini to‘lagan biznes vakillari qolgan 50 foizidan ozod etilishi mumkin.
Buning uchun tadbirkor sud qarori chiqarilganidan keyin bir oy ichida jarima summasining yarmini ixtiyoriy ravishda to‘lashi lozim. Hujjatda jarimani olti oyga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Yana bir muhim o‘zgarish noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish bilan bog‘liq. Agar moliyaviy jarima haqidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, to‘langan pul qisqa muddatda qaytarilishi kerak bo‘ladi.
Mablag‘ o‘z vaqtida qaytarilmagan hollarda esa Markaziy bank asosiy stavkasining 300 dan biri miqdorida foiz hisoblash tartibi joriy etilishi belgilanmoqda.
Ushbu normalar 20 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilingan «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish loyihasidan o‘rin olgan.
Deputatlar hujjatni uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi. Yangi tartib tadbirkorlarni asossiz moliyaviy jazolardan himoya qilishga qaratilgan.