Bugun 18 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan ayiq va to‘ng‘izlarni noqonuniy ovlaganlar ushlandi

Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan ayiq va to‘ng‘izlarni noqonuniy ovlaganlar ushlandi

Samarqand va Surxondaryo viloyatlari Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan reyd davomida bir bosh Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i va uchta yovvoyi to‘ng‘iz noqonuniy ovlangan aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, reyd davomida oq rangli «Niva Legend» rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshirilgan. Avtomashinaning ustki yukxonasidagi sakkizta qopdan bir bosh ayiq va uchta yovvoyi to‘ng‘izning tana bo‘laklari topilgan.

Shuningdek, transport vositasidan uchta narez stvolli ov quroli, MS-2112 rusumli silliq stvolli ov miltig‘i hamda o‘qdonida 7,62 kalibrli to‘rtta o‘q bo‘lgan «Monza» rusumli narez stvolli ov quroli aniqlangan. Bundan tashqari, 7,62 kalibrli 43 ta jangovar o‘q-dori, 56 ta mayda sochmali o‘q, 13 ta yakka jangovar o‘q, ikkita binokl, ikkita ovoz so‘ndiruvchi moslama, pichoqlar, fonarlar, bolta va boshqa buyumlar olib qo‘yilgan.

Tekshiruv davomida huquqbuzarlar Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hududida noqonuniy ov qilgani aniqlangan. Ovlangan hayvonlardan Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 679 million 800 ming so‘mga baholangan.

Holat yuzasidan ov qurollari, o‘q-dorilar, ruxsatnomalar va ovchilik guvohnomalari vaqtincha saqlash uchun Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga topshirilgan. Avtomobil esa jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Mazkur holat bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Kiritildi: Bugun 14:18. O'qildi: 366 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!