Kiyevliklar Klichkoga qarshi miting o‘tkazdi.
Kiyev shahrida bir necha yuz nafar fuqaro shahar meri Vitaliy Klichkoning iste’fosini talab qilib, namoyishga chiqdi. Bu haqda DW muxbiri xabar berdi.
Namoyish Ukraina poytaxti markazidagi Kiyev shahar davlat ma’muriyati binosi oldida bo‘lib o‘tmoqda. Muxbirning ma’lum qilishicha, aksiya ishtirokchilarining aksariyati yoshlardan iborat.
Namoyishchilar poytaxtning qish mavsumiga tayyorgarligi va kommunal siyosatdan norozilik bildirgan. Shuningdek, ular ko‘proq boshpanalar qurish, korrupsiya holatlarini tergov qilish va yashil hududlarda qurilish ishlarini to‘xtatishni talab qilgan.
Ayni vaqtda shu joyning o‘zida Klichko tarafdorlari ham qarshi namoyish o‘tkazmoqda.
8 oktyabr kuni Rossiya hujumlari kuchaygani fonida Vitaliy Klichko shahar aholisiga vaqtincha Kiyevdan chiqib ketishni taklif qilgan edi. U Rossiya zarbalari oqibatida suv ta’minoti tizimi ishdan chiqsa, poytaxtda jiddiy inqiroz yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
«Hozir gap tirik qolish haqida ketmoqda», — deya ta’kidlagan Klichko.