«Passport Index»ning 2026 yilgi yangilangan reytingida BAA pasporti dunyoda eng kuchli deb topildi. Amirliklarning WAM axborot agentligi xabariga ko‘ra, endilikda BAA fuqarolari oldindan viza rasmiylashtirmasdan 182 ta davlatga erkin sayohat qilishlari mumkin.
Ushbu ko‘rsatkich bilan BAA Singapur va Malayziya kabi sobiq yetakchilarni ortda qoldirib, yaqqol peshqadamga aylandi (mazkur ikki mamlakat 175 ta yo‘nalish bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi). Kuchli uchlikni Ispaniya yakunlab berdi (174 ta yo‘nalish).
Agentlikning ta’kidlashicha, Amirliklarning bu muvaffaqiyati reytingdagi shunchaki quruq raqam emas, balki mamlakatning jahon hamjamiyatidagi yuksak nufuzi hamda unga bo‘lgan xalqaro ishonch ramzidir.
BAA pasportining umumiy harakatchanlik ko‘rsatkichi 182 tani tashkil etadi. Shundan 138 ta davlatga to‘liq vizasiz, 44 tasiga esa soddalashtirilgan tartibda (chegarada yoki onlayn) kirish imkoniyati mavjud. Dunyoda faqatgina 16 ta mamlakat Amirliklar fuqarolaridan an’anaviy viza talab qiladi, xolos.
«Arton Capital» kompaniyasi tomonidan yuritiladigan ushbu reyting dunyo davlatlari pasportlari taqdim etadigan sayohat erkinligi darajasini baholaydi. Bunda fuqarolarning safarga chiqishdan oldin viza olmasdan bora oladigan yo‘nalishlari soni asosiy mezon qilib olinadi.
«Passport Index» dunyodagi ilk interaktiv platforma bo‘lib, pasportlarning erkinlik darajasini real vaqt rejimida yangilab boruvchi yagona global reytingdir. Boshqa tizimlardan farqi, unda ma’lumotlar tezkorlik bilan yangilanadi. Ya’ni, biror mamlakat viza imtiyozi joriy qilsa yoki talablarni o‘zgartirsa, bu reytingda shu zahoti aks etadi.
Dunyoning eng kuchli pasportlari qatoridan, shuningdek, Belgiya, Lyuksemburg, Fransiya, Daniya, Germaniya, Shvesiya, Niderlandiya, Finlyandiya, Italiya, Shveysariya, Gresiya, Portugaliya, Avstriya, Xorvatiya, Norvegiya, Irlandiya va Yaponiya joy oldi. Ushbu davlatlar pasportlari o‘z egalariga 173 ta mamlakat eshiklarini ochadi.
O‘zbekiston pasporti mazkur reytingda 73-o‘rinni egallab turibdi. Hozirda yurtdoshlarimiz oldindan an’anaviy viza rasmiylashtirmasdan jami 69 ta davlatga sayohat qilishlari mumkin.