Bugun 2 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Sietlda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi

Sietlda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi

30 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasida Sun’iy intellekt (SI) sohasidagi hamkorlik bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Bosh konsulxona, Amerika–O‘zbekiston biznes va investisiya kengashi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) tomonidan tashkil etildi.

Tadbir texnologiya sohasi, universitetlar, investisiya hamjamiyati va davlat hokimiyati organlarining qariyb 60 nafar vakilini birlashtirdi. Ular qatorida Microsoft va Meta mutaxassislari, Garvard, Vashington va Shimoli-Sharqiy universitetlari, Sietl ma’muriyati hamda innovasion kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Forum «Seattle AI Week» doirasida o‘tkazilib, haftalik dasturining yakuniy tadbiri bo‘ldi.

O‘zbekiston–AQSh texnologik sherikligining istiqbollari, kadrlar tayyorlash, startaplarni rivojlantirish, investisiyalar jalb etish va amaliy SI yechimlarini joriy qilish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbarining maslahatchisi, Amerika–O‘zbekiston biznes va investisiya kengashi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova mamlakatning raqamli rivojlanish sohasidagi strategik ustuvorliklarini taqdim etdi. U O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamda investisiya aloqalari jadal rivojlanayotganini, shuningdek, ikki mamlakatdagi manfaatdor tashkilotlarning amaliy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda Kengashning imkoniyatlarini ta’kidladi.

Bosh konsul Ahror Burxonov O‘zbekistonning AQSh Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan hamkorligini mustahkamlash imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. Bosh konsulxonaning mintaqadagi texnologik kompaniyalar, universitetlar va tadbirkorlik hamjamiyatlari bilan bevosita aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyorligi bildirildi.

IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparovning taqdimotida milliy IT ekotizimining rivojlanishi va xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro aloqalar imkoniyatlari yoritildi. Yetakchi SI kompaniyalari ishtirokida yoshlarni o‘qitish, hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va o‘zbek startaplarini xorijiy bozorlarga olib chiqish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

WDTA ijrochi raisi Yel Li O‘zbekistonning Markaziy Osiyoni AQShning ilg‘or innovasion ekotizimlari bilan bog‘lovchi texnologik markaz sifatidagi salohiyatini qayd etdi. U bilim almashish, sun’iy intellektni mas’uliyatli rivojlantirish va ma’lumotlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratdi.

Permirning katta maslahatchisi, Microsoft kompaniyasining dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar yo‘nalishining sobiq prezidenti Juliya Lyuson zamonaviy SI vositalaridan foydalanish imkoniyati, ta’lim dasturlarini yangilash hamda tajribaviy ishlanmalardan ularni amalda qo‘llashga o‘tishning ahamiyatini ta’kidladi.

Sietl shahrining texnologiyalar bo‘yicha bosh direktori Shennon Smit munisipal xizmatlarni takomillashtirish, qurilish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish va yo‘l harakati xavfsizligini oshirishda SIdan foydalanish tajribasini taqdim etdi. Sietl va Toshkent o‘rtasida raqamli shahar boshqaruvi sohasida tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.

Panel muhokamalarida ishtirokchilar universitet inkubatorlarini rivojlantirish, startaplar uchun ustozlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish va biznesning real vazifalariga mos mutaxassislar tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdi. Agrotexnologiyalar, suv tejovchi texnologiyalar, til xizmatlari va nogironligi bo‘lgan shaxslarning xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi yechimlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Forum yakunida O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi va WDTA texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Hujjat tajriba almashish, universitetlar, kompaniyalar va davlat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston ishtirokida ta’lim tashabbuslari va sinov loyihalarini o‘rganishni nazarda tutadi. SIdan mas’uliyatli foydalanish, kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.

Kiritildi: Bugun 12:21. O'qildi: 137 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!