Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga maktub yo‘llab, ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan.
Maktubda Xitoy tomoni Turkmaniston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani bildirilgan. Shuningdek, Szinpin Berdimuhamedovning taklifini qabul qilgani va Turkmanistonga borishga tayyorligini bildirgan.
"Men Xitoy va Turkmaniston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va Siz bilan yaqin amaliy aloqalarni davom ettirishni istayman. Taklifingiz uchun tashakkur bildiraman va ikki tomon uchun ham qulay vaqtda Turkmanistonga tashrif buyurishga tayyorman. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari bu masala bo‘yicha yaqin aloqada bo‘lishi mumkin," - dedi Si Szinpin
Shuningdek, u Turkmaniston rahbarining ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va davlatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
XXR rahbari Turkmaniston bilan har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishga alohida ahamiyat berishini ta’kidladi. Bundan tashqari, u bir qator yirik qo‘shma loyihalarni tilga oldi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi.