Pekin universitetida faxriy professor unvoni berilishi munosabati bilan so‘zlagan nutqida GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Xitoyni «konfrontasiya yo‘lini tanlagan» Rossiyaga nisbatan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
«Xitoy — BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi va Rossiya bilan yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda. Keling, Rossiya o‘z hujumlarini to‘xtatishi va jiddiy muzokaralarga kirishishi uchun birgalikda harakat qilaylik», — dedi Shtaynmayer RF tomonidan Ukrainada olib borilayotgan urush haqida to‘xtalib.
GFR prezidenti, shuningdek, Xitoyning savdo siyosati haqida ham gapirib, Pekinni eksport profisiti ortib borayotganini hisobga olgan holda ushbu yondashuvni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Yevropa mamlakatlari «davlat tomonidan subsidiyalanadigan Xitoy tovarlari mahalliy bozorlarga juda katta hajmda kirib kelishiga», shu bilan birga Yevropa kompaniyalari Xitoy bozoriga kira olmasligi yoki bu imkoniyat o‘ta cheklanganiga rozi bo‘la olmaydi.