Kecha, 31 avgust kuni Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston” anjumanlar saroyida Mustqallik kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqidagi ba’zi jihatlarga e’tibor qaratishni lozim topdik.
Xususan, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqi avvalida mustaqillik uchun jon fido qilgan insonlarni yodga oldi. Tabiiyki, bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni eslab o‘tdi.
“O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi, Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning barhayot nomlarini hurmat va ehtirom bilan yodga olamiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Shu o‘rinda, yaqinda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomini OAVda tilga olmaslik, uning ishtirokidagi kadrlarni ko‘rsatmaslik to‘g‘risida topshiriq bo‘lganiligi haqida xabarlar tarqagan edi.
Shavkat Mirziyoyevning nutqi avvalida Islom Karimovni yodga olishi bu xabarlar uydirma ekanini yana bir bor isbotladi.
Prezident O‘zbekiston kelajakda rivojlanish uchun o‘tgan chorak asrda erishilgan yutuqlarga tayanishini ta’kidladi.
“Istiqlol yillarida erishgan yutuqlarimizga tayanib, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari dadil qadam qo‘ymoqdamiz”, deb qayd etgan Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari xalq bilan muloqotning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
“Bir haqiqatni ta’kidlab aytmoqchiman: xalq bilan bevosita muloqot olib borish, uning dardu tashvishlari bilan yashash, el-yurtimizni rozi qilish – bu vaqtinchalik kampaniya emas. Bu – xalqimizning farovon hayotini, yurtimiz ravnaqini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyadir”, deb qayd etdi O‘zbekiston Prezidenti.
Manba: qalampir.uz