Navoiyda sodir bo‘lgan YTH bo‘yicha izoh berildi. YHXX axborot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshovning ma’lum qilishicha, avtohalokatga yuqori tezlik sabab bo‘lgan.
“Haydovchi harakat qoidalarini buzib, yuqori tezlikda harakatlangan. Oqibatda o‘zidan oldinda bo‘lgan avtomashinani quvib o‘tayotganda yo‘l chetiga chiqib ketib, ag‘darilgan.
Mantiqan qaraganda ham yo‘l harakati qoidalari buzilishi oqibatida avtohalokat sodir bo‘ladi. Agar odamlar qoidaga amal qilsa, tirik qolgan, boshqalarning ham hayotiga rahna solmagan bo‘lardi. Shuning uchun YHXX qoidabuzarlikka qarshi kurashadi, tezlikni cheklovchi radarlar o‘rnatadi. Huquqbuzarlarga ma’muriy jarimalar qo‘llaydi.
Agar jamoatchilikda qoidabuzarlik qilishdan tiyilish, kerak bo‘lsa, qoidabuzarlardan nafratlanish tushunchasi shakllanmas ekan, baxtsizliklarni kamaytirib bo‘lmaydi”, deydi Zoyir Yo‘ldoshov.
Mazkur YTHda oqibatida Karmana tumani Farhod mahallasi yoshlar yetakchisi Ulug‘bek Oblaqulov va ushbu tumanning Mirsaid Bahrom mahallasi yoshlar yetakchisi Muhriddin Bahronov voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, YTHga uchraganlar orasida Karmana tumani Yoshlar ishlari bo‘limi shu’ba mutaxassisi Valijon Qosimov ham bo‘lgan. Hozirda u shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.