Bugun 7 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi konferensiyada 6 muhim taklifni ilgari surdi

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi konferensiyada 6 muhim taklifni ilgari surdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Turkmanboshi shahridagi "Avaza" milliy turizm hududida o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.

Prezidentimiz o‘z nutqida 6 ta muhim taklifni ilgari surdi.

"Bugun umumiy tahdid va muammolarni yengib o‘tish bo‘yicha aniq, amaliy va institusional jihatdan ta’minlangan qarorlar o‘ta muhimdir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston quyidagilarni taklif etadi.

Birinchidan, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar zarur.

Biz O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘lini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish tarafdorimiz. Ushbu istiqbolli yo‘lakni qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi.

Biz, shuningdek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Uni to‘liq ishga tushirish uchun, birinchi navbatda, kelishilgan tranzit siyosati, tartibotlarni soddalashtirish va konteynerlarda yuk tashish uchun maqbul tariflarni joriy etish muhimdir.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Bunday mexanizm portlar va kommunikasiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlaydi, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytiradi, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun moslashuvchan investisiya vositalariga talab tobora o‘sib bormoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan sarmoyalar yiliga qariyb 40 milliard dollar, deb baholanmoqda.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integrasiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini ta’sis etishni taklif etamiz. Ushbu jamg‘armaga donor mamlakatlar, xalqaro rivojlanish institutlari va global dasturlar resurslarini keng jalb etish maqsadga muvofiq.

To‘rtinchidan, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz.

Bu mamlakatlarimizning tranzit borasida cheklangan imkoniyatlarini xolis ko‘rib chiqish va mavjud sharoitlardan kelib chiqib, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni samarali taqsimlashning ta’sirchan vositasiga aylanadi.

Eng asosiysi – ushbu indeks mamlakatlarimizning raqobatbardoshligi va ishbilarmonlik muhitini adolatli baholashda hisobga olinishi kerak.

Beshinchidan, O‘zbekistonda agrotarmoqni rivojlantirish uchun Innovasion xabni yaratish bo‘yicha taklifimizni amalga oshirish prinsipial ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Mazkur xab moslashuvchan agrotexnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid innovasion loyihalarni ilgari surish, o‘zaro bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

Oltinchidan, umumiy tahdidlarni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga mamlakatlarimiz yetakchi ekspertlari va “aql markazlari”ni faol jalb etish muhim.

Bu borada xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazishni taklif qilamiz. Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integrasiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investisiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin.

O‘zbekiston, shuningdek, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kiritildi: 14:53 05.08.2025. O'qildi: 833 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!