Bugun 23 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi prezidenti etib saylandi

Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi prezidenti etib saylandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 aprel kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va OQXJning Ijroiya qo‘mitasi raisi Asxat Orazbay ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Qozog‘istonning 2023-2026 yillarda OQXJga raisligining natijalari sarhisob qilinib, Orol dengizi havzasida ekologiya, suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi noyob mintaqaviy tuzilma sifatida faoliyat yuritib kelayotganini, Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga sabab bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari va suv iste’moli ko‘payib borayotgan sharoitda uning roli va ahamiyati yanada ortayotganini ta’kidladi.

– Ekspertlarning baholariga ko‘ra, 2040 yilga borib, Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar – yiliga 20 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi ta’minoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunday bir paytda mintaqa mamlakatlari suv resurslaridan foydalanish samaradorligi bo‘yicha eng quyi o‘rinlarni egallab turibdi. Qishloq xo‘jaligida bir dollar miqdoridagi qo‘shilgan qiymatni yaratish uchun mamlakatlarimiz deyarli uch kub metr suv sarf etmoqda, dunyoda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha ikki barobar kam.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Qisqa muddatda O‘zbekistondagi barcha sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi, irrigasiya tarmoqlarini betonlash 40 foizga yetkazildi. Nasos stansiyalarini modernizasiya qilish hisobiga suv xo‘jaligida energiya iste’moli qariyb 30 foizga qisqartirildi.

Olti yuz mingdan ortiq suvdan foydalanuvchilar va 4 million gektardan ziyod sug‘oriladigan yerlarni qamrab oladigan yagona raqamli ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda.

Mazkur loyihalar amalga oshirilishi tufayli har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suv resurslarini tejash ta’minlanmoqda. 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 15 milliard kub metrni tashkil etadi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi kompleks va izchil xarakterga ega bo‘lib, o‘tgan yili qabul qilingan Suv kodeksida o‘z ifodasini topgan.

Mamlakatimiz yetakchisi O‘zbekiston jamg‘armani mintaqaviy integrasiyaning muhim drayverlaridan biriga aylantirishga erishishni maqsad qilganini bildirdi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning kelgusi yildan boshlanadigan OQXJga raisligi davridagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, jamg‘armaning faoliyatini rivojlantirish va modernizasiya qilish, uning tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Jamg‘arma organlarining vakolatlarini kengaytirish, ularning maqomi va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Qirg‘izistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatidagi to‘laqonli ishtiroki qayta tiklanishiga umid bildirildi. Bu jamg‘armaning yanada mutanosib va uzoq muddatli qarorlar qabul qilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi OQXJ kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirishga chaqirdi. Maslahat uchrashuvlari davomida oliy darajada kelishilgan barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari jamg‘armaning tarmoq mexanizmlari orqali ham amaliyotga tatbiq etilishi mumkinligi ta’kidlandi.

Jamg‘arma dastur va loyihalari samaradorligini oshirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Orol dengizi havzasi bo‘yicha to‘rtinchi dastur ijrosi monitoringiga samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini kiritish taklif qilindi. Bu ijobiy o‘zgarishlarni kuzatish, muammoli jihatlarni aniqlash hamda xalqaro hamkorlardan qo‘shimcha mablag‘lar va texnik ko‘mak jalb etishga yordam beradi.

Ustuvor dasturlar uchun mavjud ta’sirchan moliyalashtirish vositalaridan foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondining mandati va geografik qamrovini butun Orol dengizi havzasiga kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi.

– Bu barcha davlatlarimiz hududida hayotiy muhim ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli investisiyalarni yo‘naltirish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

OQXJ va boshqa mintaqaviy tuzilmalar o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasining dolzarbligiga urg‘u berildi. Jamg‘arma suv-energetika masalalari, muzliklar va tog‘ ekotizimlarini saqlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha samarali mintaqaviy platformalar bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur. Bunga misol sifatida jamg‘armaga Toshkentdagi Yashil universitet qoshidagi Cho‘llanishga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda maqsadli loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.

O‘zbekiston Prezidenti xalqlarimizning suvga hayot manbai sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish borasidagi ko‘p asrlik an’analarini qayta tiklash zaruratiga alohida e’tibor qaratdi.

– Ko‘rinib turibdiki, agar jamiyatning suvga bo‘lgan munosabati o‘zgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi. Uzluksiz ta’lim tizimi orqali – maktabgacha ta’lim darajasidan to mutaxassislarni tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodimizga aylantirishga intilishimiz lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, asosiy qismi fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan o‘rgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirish taklif etildi.

O‘zbekiston yetakchisi Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash va uni iqlim, ekologiya, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligini ta’kidladi. Bugungi kunda Afg‘onistonda qirg‘oqlarni mustahkamlash va meliorasiya ishlarini olib borish uchun xalqaro donorlarning moliyaviy mablag‘larini jalb etish dolzarbdir.

Istiqbolda Orol havzasidagi barcha mamlakatlar, shu jumladan, Afg‘onistonning huquq va majburiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish zarur.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida 2026-2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish va mintaqa mamlakatlarida Suv haftaliklarini muntazam o‘tkazib borishga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirilishining qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti qo‘shni mamlakatlar yetakchilarini shu yilning sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga yana bir bor taklif etdi.

OQXJ yig‘ilishida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ham so‘zga chiqdilar.

Tadbir yakunida yetakchilar Ostona bayonotini, Qozog‘iston raisligining borishi to‘g‘risida, 26 martni Xalqaro Orol dengizi, Amudaryo hamda Sirdaryo kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida hamda O‘zbekiston yetakchisini 2027-2029 yillarda jamg‘arma prezidenti etib saylash to‘g‘risidagi qarorlarni imzoladilar.

Kiritildi: Bugun 09:43. O'qildi: 292 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!