Xitoy Xalq ozodlik armiyasining (XXOA) esmines boshchiligidagi harbiy kemalar guruhi Yaponiyaning Okinava prefekturasi tarkibidagi orollar oralig‘idagi suv yo‘lidan o‘tdi. Xitoy tomoni buni Tinch okeanidagi uzoq masofali o‘quv mashg‘ulotlaridan qaytish deb izohladi.
XXOA Sharqiy qo‘mondonligiga tegishli bo‘lgan ushbu guruh Yonaguni va Iriomote orollari oralig‘idagi tor yo‘lakdan harakatlangan. Mazkur suv yo‘lining kengligi taxminan 65 km bo‘lib, Yaponiya o‘z hududiy suvlarini (qirg‘oqdan 22 km masofa) buzib o‘tgan har qanday xorijiy kemaga nisbatan chora ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Ushbu harakatlar Yaponiya esminesining Tayvan bo‘g‘ozi orqali o‘tganiga Pekinning javobi sifatida ko‘rilmoqda. Xitoy rasmiylari Yaponiyaning harakatlarini "qasddan qilingan provokasiya" va suverenitetga tahdid deb atagan edi.
O‘z navbatida, mamlakat Bosh vaziri Sanae Takaichi Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumi Yaponiyaning harbiy javobiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Tayvandan atigi 110 km uzoqlikda joylashgan Yonaguni oroli ayni damda har ikki davlatning harbiy diqqat markazida bo‘lib turibdi.