Bolalar o‘yinchoqlarida xavf aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan poytaxtdagi savdo shahobchalarida sotilayotgan Xitoyda ishlab chiqarilgan o‘yinchoqlar yuzasidan nazorat haridi amalga oshirildi.
Laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra, «Police», «Shaqildoq», «Assault» o‘yinchoq to‘pponchalari hamda «Darts» mahsuloti belgilangan standart va texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Aniqlangan xavflar:
— «Police» o‘yinchoq to‘pponchasi — bo‘g‘ilish yoki jarohatlanish xavfini keltirib chiqaradi;
— «Shaqildoq» o‘yinchog‘i — bolalarning eshitish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin;
— «Assault» o‘yinchoq to‘pponchalari — bolalar uchun xavfli holatlar yuzaga keltirishi mumkin;
— «Darts» o‘yinchog‘i — qismlarining o‘tkir qirralari mavjud bo‘lib, jarohatlanish xavfini tug‘diradi.
Aniqlangan kamchiliklar asosida ushbu mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlandi. Savdo sub’ektlariga ogohlantirish xatlari yuborildi, mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizasiyani to‘xtatish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.