The Daily Telegraph va The Sun nashrlarining 19 avgust kuni tarqatgan ma’lumotlariga ko‘ra, shahzoda Harri va Megan Markl Kaliforniyaga ko‘chib ketganidan olti yil o‘tib Buyuk Britaniyaga qaytishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu haqda BBC va Press Association ham xabar bergan. Biroq hozircha Harri va Megan, shuningdek, Britaniya qirollik oilasi rejalarni rasman tasdiqlagani yo‘q. Shu sababli ularning AQShdan butunlay ko‘chib kelishi yoki Buyuk Britaniyada faqat bir necha oy yoxud yil yashashi hozircha noma’lum.
OAV ma’lumotlariga qaraganda, qirollik oilasi ham Harrining qaytish rejasi haqida yaqindagina xabardor qilingan. Qirol Karl III bu haqda 16 avgust kuni bilgan. Manbalarning ta’kidlashicha, monarx kichik o‘g‘lining oilasi qaytishidan va nabiralari — 7 yoshli Archi hamda 5 yoshli Lilibet bilan tez-tez ko‘rishish imkoniyati paydo bo‘lishidan mamnun.
Shahzoda Harri va amerikalik aktrisa Megan Markl 2018 yil bahorida turmush qurgan. 2020 yil boshida esa ular qirollik oilasining yuqori martabali a’zolari sifatidagi vazifalaridan voz kechib, keyinchalik AQShga ko‘chib ketgan edi. Bu jarayon Britaniya matbuotida «Megzit» nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Kaliforniyaga ko‘chib o‘tganidan keyin Harri va Megan qirollik oilasi haqida bir qator keskin bayonotlar bergan.
So‘nggi vaqtlarda esa Harri va qirollik oilasi o‘rtasidagi munosabatlar yumshay boshlagani aytilmoqda. 2025 yilda shahzoda oilasi bilan yarashish istagini bildirgan.
2026 yil iyulida esa qirol Karl III ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng kichik o‘g‘lining oilasi bilan Angliyaning Glostershir grafligidagi Xaygrouv qarorgohida uchrashgan. Archi va Lilibet bobosi bilan bunga qadar oxirgi marta 2022 yilda ko‘rishgan edi.
Kiritildi: 15:15 20.08.2026.
O'qildi: 609 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.