Rossiya harbiylari oktyabr oyi boshidan Ukraina poytaxti Kiyev shahrini ikkiga ajratib turuvchi Dnepr daryosi ustidan o‘tgan ko‘priklar bo‘ylab zarba berish kampaniyasini boshladi, bungacha ushbu ko‘priklar hujumga uchramagandi.
1 va 2 oktyabr kunlari Rossiya dronlari Janubiy ko‘prikka hujum qilgan. Natijada ustunlardan biri, yo‘l chetidagi to‘siq, yo‘l qoplamasi va metropolitenning beton to‘sig‘i shikastlangan. Ko‘prik bo‘ylab harakat to‘xtatildi, u hozirgacha avtomobillar uchun ham, metro poyezdlari uchun ham ochilmadi.
3 oktyabrda esa Shimoliy ko‘prikka ham hujum qilindi. Ikki kishi jarohatlanib, yo‘l qoplamasi hamda trolleybus aloqa tarmog‘i shikastlangan. Ko‘prik bo‘ylab harakat qisman cheklangan. 4 oktyabr tongida ushbu ko‘prik takroriy hujumga uchradi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda zarba berilgan vaqtda ko‘prik bo‘ylab avtomobillar harakatlanayotgan bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Kiyevda Dnepr daryosi ustidan o‘tgan jami to‘qqizta ko‘prik mavjud. Ukrainalik ekspertlar ko‘priklarni vayron qilish uchun dronlar bilan berilayotgan zarbalar yetarli emasligini aytishmoqda, bunday vazifa uchun ancha kuchliroq qurol qo‘llash kerak bo‘ladi. Ammo agar dronlar orqali hujumlar davom ettiriladigan bo‘lsa, ular ko‘priklarni avariyaviy holatga keltirishi mumkin. U holda ko‘priklar yopiladi, bu esa Kiyev bo‘ylab logistikani jiddiy darajada qiyinlashtiradi. Hozirdan muammolar yuzaga kelgan: Janubiy ko‘prik bo‘ylab dastlabki zarbalardan keyin Ukraina poytaxtida ulkan tirbandliklar boshlangan.
Kiyevdagi ko‘priklar bo‘ylab zarbalar berilishi bilan bir vaqtda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vladimir Putin o‘z harbiy qo‘mondonlariga Ukraina bo‘ylab havo zarbalari berishda urush olib borish qoidalariga rioya etib o‘tirmaslikni buyurganini aytib chiqdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari bu haqda qo‘lga kiritilgan razvedka ma’lumotlaridan xabar topgan. Putinning bunday buyrug‘i esa sentyabr oyida, Rossiya Kiyev bo‘ylab zarbalarni kuchaytirganida berilgan.