Glyukagonsimon peptid-1 (GLP-1) asosidagi «Ozempik» va Wegovy kabi dori vositalari AQShdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari uchun qiyinchiliklar keltirib chiqardi, deb yozmoqda The New York Times gazetasi. Bu restoranlarni – yirik fast-fud tarmoqlarini ham, yuqori toifadagi yemakxonalarni ham – shunday mijozlarga moslashish uchun o‘z menyularini o‘zgartirishga qilmoqda. «Meduza» ushbu maqolaning asosiy qismlarini keltirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, GLP-1 asosidagi preparatlarni AQSh katta yoshli aholisining 11 foizi, ya’ni taxminan 30 million kishi qabul qiladi. Bunday odamlar soni vaqt o‘tgani sayin ortib borishi kutilmoqda.
Bunday dorilarni qabul qiluvchi kishilar restoranlarga kamroq bormoqda, borganda ham kamroq pul sarflamoqda va o‘ziga keltirilgan taomni oxirigacha yemayapti.
GLP-1 faollashtiruvchilari va shu kabi boshqa dorilarni qabul qiluvchi odamlar ko‘proq oqsil iste’mol qilishni xohlashidan kelib chiqib, restoranlar taomlardagi oqsil miqdorini oshirishi va porsiya hajmini kamaytirishi mumkin. Ammo tovuq yoki mol go‘shtining qo‘shimcha grammlari taom narxini 5-7 dollarga qimmatlashtiradi.
Oqsil miqdorini oshirishning yana bir usuli – yasmiq, tuxum va tvorog kabi arzonroq masalliqlardan foydalanishdir, deb hisoblaydi restoranlarga taomnomani ishlab chiqishda yordam beruvchi Sysco kompaniyasi vakili Nil Doerti.
Chikagodagi Foodservice Results konsalting firmasi rahbari Darren Tristanoning fikricha, porsiyalar hajmi ikki baravar kamaytirilsa ham, ular 50 foizga arzon bo‘lmaydi – restoranlar narxni 75 foiz darajasida belgilaydi, chunki narx mahsulotlar narxidan tashqari xodimlarning ish haqi va ijara xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Tez tayyor bo‘luvchi yemakxonalardagi yuqori kaloriyali yeguliklar – burgerlar va qovurilgan taomlarga ozdiruvchi preparatlarni qabul qiluvchi xo‘randalar orasida talab keskin kamaygan, deya ma’lum qildi William Blair investisiya banki tahlilchilari.
Burger King rahbari «Ozempik», Wegovy va ularning muqobil variantlarini biznes uchun xavf omili deb ataydi. McDonaldʼs tarmog‘idagilar 2026 yilda mijozlar soni kamaygan bo‘lsa-da, buning ta’siri sezilmayotganini aytishgan.