Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Armaniston rahbariyatining tashqi siyosiy yo‘nalishini o‘zgartirish qarori mamlakat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Medvedev Eron davlat telekanaliga bergan intervyusida Armanistonning «yangi Ukraina»ga aylanishi mamlakat uchun eng og‘ir ssenariy bo‘lishini ta’kidlagan.
«Hozirgi Armaniston rahbariyati o‘z taraqqiyot yo‘nalishini o‘zgartirishni to‘g‘ri deb hisobladi. Ishonchim komilki, bu ham yaxshi natijaga olib kelmaydi. Armaniston bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon holat — uning yangi Ukrainaga aylanishi», — degan Medvedev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Armaniston munosabatlari hozir murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Medvedev Moskva va Yerevan o‘rtasidagi aloqalardagi o‘zgarishlarni Armaniston rahbariyatining tashqi siyosat yo‘nalishi bilan bog‘lagan.