Senatning 23-yalpi majlisida senatorlar Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev bu mavzuga to‘xtalar ekan, maqsad ijtimoiy tarmoqlarni cheklash emas, ularda milliy kontentlarni ko‘proq yaratish, inson ma’naviyatini oshirishga xizmat qiladigan kontentlar ko‘paytirish ekanligini ta’kidladi.
«Har birimiz ota-ona sifatida farzand tarbiyalab kelyapmiz. Shuni taroziga qo‘yib o‘ylab ko‘rsak, parlament so‘rovi bugungi kunning aktual masalasi ekanligi ko‘rinadi. YouTube platformasiga farzandingiz bilan kirib ko‘rsangiz uyalib qolasiz. Ma’naviyatimizga zid bo‘lgan kontentlar joylashtirilgan. Vazirlar mahkamasiga 10 ta masalani qo‘ydik. Bu yerda axborotni cheklash haqida gap ketmayapti, axborotni cheklab ham bo‘lmaydi», — deydi u.
Farhod Boqiyevning aytishicha, «bugungi kunda axborotning rangi ham, og‘irligi ham, o‘lchami ham, chamadonga o‘xshab ushlaydigan joyi ham yo‘q».
«Biz uni ushlab to‘xtata olmaymiz yoki qulog‘imizga eshitmagin, ko‘zimizga ko‘rmagin, deb buyruq berolmaymiz. Biz axborotni o‘qib o‘zimiz tafakkurimizda tahlil qilib olaveramiz. Davlat rahbari tomonidan 2017 yilda aniq mexanizm ilgari surilgan, bu – beshta muhim tashabbus. Milliy kontentlarni yaratib, ko‘paytirsak, Wikipedia’ni yangilasak, uning bazasini kengaytirsak O‘zbekiston haqida ma’lumotlar olish ham osonlashadi, Xalqaro hamjamiyatda O‘zbekiston haqida ma’lumotlar ham ko‘payadi. Bu yerda ijtimoiy tarmoqlarni bloklash haqida gap ketmayapti», — deya qo‘shimcha qiladi Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.