Bugun 22 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Saylovda mag‘lub bo‘lish xavfi Tramp ma’muriyatidagi ichki ziddiyatlarni kuchaytirdi

Saylovda mag‘lub bo‘lish xavfi Tramp ma’muriyatidagi ichki ziddiyatlarni kuchaytirdi

AQShda 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Kongressga oraliq saylovlarda respublikachilar mag‘lub bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlar Donald Tramp ma’muriyati ichidagi kelishmovchiliklar va hokimiyat uchun kurashni kuchaytirdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bir vaqtlar sadoqat ustuvor bo‘lgan Oq uyda hozir o‘zaro ishonchsizlik va ma’lumotlarning ommaga sizdirilishi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan. Bu kadrlar o‘zgarishiga, jumladan, AQShning Gresiyadagi elchisi va Oq uy matbuot kotibining lavozimidan ketishiga olib kelgan.

Shu bilan birga, Oq uy apparati rahbari Syuzi Uayls kabi yuqori lavozimli amaldorlarga bosim kuchaymoqda. Ayrim vazirlarning lavozimidan ketishi va harbiy kotibga nisbatan impichment masalasi ham muhokama qilinmoqda.

Avvalroq Politico nashri Oq uy apparati rahbari Syuzi Uayls prezident matbuot kotibi Keti Zakariyaning Fox News telekanaliga bergan bahsli intervyusini tashkil etishda ishtirok etgani haqida xabar bergan edi. Intervyudan bir necha soat o‘tgach, Zakariya lavozimidan ozod qilingan. Bu holat Oq uydagi ichki kelishmovchiliklar haqidagi taxminlarni kuchaytirgan.

CNN ta’kidlashicha, respublikachilar Vakillar palatasidagi ko‘pchilik o‘rinlarini yo‘qotish xavfiga duch kelayotgan bir paytda, Trampning maslahatchilari prezident mag‘lubiyat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmasligi va o‘zining yaqin atrofidagi amaldorlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishni boshlashidan xavotirda.

Oq uydagi kelishmovchiliklardan yana biri Tramp va vise-prezident Jey Di Vensning mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatga bergan baholari o‘rtasidagi farq bo‘ldi.

Associated Press agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp AQShda «oltin davr» boshlanganini ta’kidlayotgan bir paytda, Vens amerikaliklar duch kelayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarni tan olmoqda. Bu tafovut saylovlar arafasida ma’muriyat va’dalaridan aholining turmush xarajatlari oshishi bilan bog‘liq xavotirlarigacha bo‘lgan masofani ko‘rsatadi.

Tramp yashash xarajatlarining yuqoriligi haqidagi jamoatchilik xavotirlarini rad etib, AQSh avvalgidan ham yaxshiroq ahvolda ekanini ta’kidlamoqda. Vens esa iqtisodiy o‘sish amerikaliklar kutgan darajada tez emasligini va benzin narxlari yuqoriligicha qolayotganini tan olgan.

AQShda Kongressga oraliq saylovlar har to‘rt yilda prezidentlik muddatining o‘rtasida o‘tkaziladi. Odatda, amaldagi prezidentning partiyasi ushbu saylovlarda Kongressdagi o‘rinlarining bir qismini yo‘qotadi. Bu ovoz berish jarayoni ko‘pincha saylovchilar uchun ma’muriyat siyosatiga munosabatini bildirish imkoniyati bo‘ladi.

Bu safar respublikachilar bir qator jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Energiya narxlarining oshishi, inflyasiya, Eron bilan urush va bu omillarning aholi xarid qobiliyatiga ta’siri jamoatchilik noroziligini kuchaytirgan. Respublikachilarning ayrim vakillari ham ushbu masalalarda Tramp bilan bir fikrda emas. Bu esa partiya ichidagi bo‘linishlarni chuqurlashtirmoqda.

Hozirda respublikachilar Vakillar palatasida 218 ta, demokratlar esa 214 ta o‘ringa ega. Shu sababli, bir nechta saylov okrugidagi natijalarning o‘zgarishi ham palata ustidan nazoratning demokratlar qo‘liga o‘tishiga olib kelishi mumkin.

Senatda esa respublikachilar 53 ta, demokratlar 47 ta o‘rinni egallagan. Demokratlar uchun Senatda ko‘pchilikni qo‘lga kiritish qiyinroq bo‘lsa-da, so‘nggi oylarda kuchlar nisbati o‘zgarishi ehtimoli ham ortgan.

AQShda Kongressga oraliq saylovlar 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Senatning 100 ta o‘rnidan 33 tasi va Vakillar palatasining barcha 435 ta o‘rni uchun kurash kechadi.

Kiritildi: 18:36 21.10.2026. O'qildi: 490 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!